Strategik rejalashtirish tizimi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-oktyabrdagi 201-sonli farmoni bilan mamlakatimizda strategik rejalashtirish va rivojlanishning yagona va kompleks tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Bu tizim quyidagi vazifalarni qamrab olgan

Hujjatlar bilan ishlash

Strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va samaradorligini baholash.

Yagona iyerarxiya

Strategik rejalashtirish hujjatlarining yagona iyerarxiyasi va oʻzaro muvofiqligini taʼminlash.

Idoralararo hamkorlik

Vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash.

Tahlil va prognoz

Ilmiy tadqiqotlar, tendensiyalar va prognozlarni tahlil qilish asosida davlat siyosatining strategik ustuvorliklarini shakllantirish.

Yangicha yondashuvlar

Sohalar, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni joriy etish.

Kadrlar tayyorlash

Strategik tahlil va rejalashtirish boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash.

Tizimni kim yuritadi

Bu ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi yuritadi.

Shuningdek, alohida yoʻnalishlarga qaratilgan strategiyalar, taklif va tashabbuslar ishlab chiqish uchun Agentlik huzurida loyiha ofislari tuzilishi mumkin:

  • soha va tarmoqlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha;
  • hududiy rivojlanish masalalari boʻyicha;
  • xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha.

Muvofiqlashtirish

Ushbu keng koʻlamli vazifalarni bajarishda mantiqiy bogʻliqlik, hamkorlik va natijadorlikni taʼminlash juda muhim. Shu bois Agentlik quyidagilar faoliyatini muvofiqlashtiradi:

  • vazirlik va idoralarning strategik rejalashtirish boʻyicha tarkibiy boʻlinmalari;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining axborot-tahlil guruhlari.

Ushbu boʻlinma va guruhlar boshliqlari idora rahbarining maslahatchisi hisoblanadi, ularni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Agentlik bilan kelishiladi.

Tizimning tayanch hujjati

Strategik rivojlanish tizimining tayanch hujjati “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidir. Hududlar, soha va tarmoqlar boʻyicha strategik hujjatlar undagi maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan holda ishlab chiqiladi.

Barcha strategiyalar boʻyicha maʼlumotlar va ularning bajarilish holati Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasida koʻrinib turadi.

Raqamli platforma

Barcha strategiyalar boʻyicha maʼlumotlar va ularning bajarilish holati bilan tanishing.

Platformaga oʻtish

Umuman aytganda, strategik rejalashtirish tizimi vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda “aql markazlari”ning oʻzaro muvofiq ishlashini taʼminlab, pirovard natijada, mamlakatimiz rivojiga xizmat qiladi.