100 ta maqsad
100 ta maqsad va ularga erishish boʻyicha 437 ta samaradorlik koʻrsatkichidan iborat.

2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, dastlab, 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan edi. U muayyan davrda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda asos boʻldi.
Unda belgilangan ayrim maqsadlarga qisqa muddatda erishildi. Shu bilan birga, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan koʻplab yangi vazifa va yuqori marralar belgilab berildi. Bularning barchasi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini zamon talablari asosida takomillashtirish zarurligini koʻrsatdi.
Mazkur hujjatning yangilangan loyihasi ishlab chiqilib, 2026-yil yanvarda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bir oy davomida aholi, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar asosida takomillashtirildi.
2026-yil 16-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni bilan 2026–2030-yillarga moʻljallangan strategiya tasdiqlandi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish barcha darajadagi vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalarining eng ustuvor vazifasi hisoblanadi, bu boʻyicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklanadi.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda “Yuksalish” harakati bilan birgalikda strategiya maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilishi ustidan monitoring yuritadi. Bu jarayon Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
Monitoring natijalari asosida har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Respublika komissiyasiga axborot kiritib boriladi. Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim qiladi.
Strategiyadagi vazifalarni vaqtida va sifatli bajargan tashkilotlarning rahbar va xodimlari ragʻbatlantirib boriladi.