2 daq.

Davlat dasturiga oid Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha keng jamoatchilik muhokamasi uchun www.uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz veb-saytlariga joylashtirildi.

Islohotlar dasturlarida 2026 yil uchun:

– mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish;

– iqtisodiyotni texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish,

– yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish,

– ekologiyani asrash va suvdan oqilona foydalanish,

– davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha muhim islohotlar nazarda tutilgan.

Islohotlar dasturlari aholi tanishib chiqishi uchun qulay va ixcham shaklda tayyorlangan bo‘lib, Davlat Rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmi va yil yakuni bo‘yicha erishiladigan aniq natijalari bilan bayon etilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida 2026 yilda Strategiyada belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar, har bir soha kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va strategik islohotlarni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati nazarda tutilmoqda.

Farmon loyihasi 2026 yil 1 fevralga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.

Ustuvor islohotlar dasturlari va Davlat dasturi loyihalari muhokamasida faol ishtirok eting.