Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi mintaqaviy forsayt muloqotining yakuniy natijalari “Markaziy Osiyo – 2050” kitobida jamlandi.
Nashrning asosiy maqsadi – tahliliy materiallarni universitetlar, ilmiy doiralar va ekspertlar hamjamiyatiga yetkazish, shu orqali keyingi tadqiqotlar hamda ilmiy-tahliliy ishlarni dolzarb ma’lumotlar, tendensiyalar va mintaqaviy istiqbollar bilan boyitishdan iborat.
“Markaziy Osiyo kelajagi – 2050” nomli forsayt-muloqot 2025-yil may oyida o‘tkazilgan edi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston “aql markazlari”dan 50 nafar yetakchi ekspert hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi. Ular mintaqaning imkoniyatlari va kutilayotgan xavf-xatarlarni birgalikda tahlil qilish hamda 2050-yilgacha bo‘lgan mo‘ljallarni bo‘lishish uchun ilk bor bir davra atrofida yig‘ildi.

Kitob to‘rtta ustuvor yo‘nalish – suv va iqlim o‘zgarishi, energetika, transport hamda demografiya masalalariga bag‘ishlangan. Unda mintaqaning 2050-yilgacha bo‘lgan demografik portreti, aholining kelajakka qarashlari aks etgan insholar va iqtisodiy sharhlar keltirilgan.
Mazkur kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan keng doiradagi ekspertlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorlandi.




