O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida barcha sohalar qatori strategik rivojlanish bo‘yicha ham muhim yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda mazkur Strategiyani takomillashtirish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlik va idoralar hamda ilmiy markazlar mas’ullarini jalb etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining samaradorlik ko‘rsatkichlarini takomillashtirish, uni Davlatimiz Rahbari belgilab bergan yangi marralar bilan boyitish borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Uni xalqchil va umummilliy hujjatga aylantirish, bunda yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratadigan, har bir inson va oila hayotida seziladigan ko‘rsatchiklarga alohida e’tibor qaratish muhimligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibidagi tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 2026-yilga mo‘ljallangan rejalari ham ko‘rib chiqildi. Bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar va muhim vazifalar belgilab berildi.




