Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengaşi sessiyasida hududni 2030 yilgaça ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriş strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Hujjat Namangan viloyatining imkoniyatlarini, Farğona vodiysining öziga xosligini va aholi talablarini röyobga çiqarişga möljallangan. Strategik rivojlaniş va islohotlar agentligi tomonidan hujjat loyihasini tayyorlaşda viloyatning içki salohiyatiga va ustun tomonlariga alohida e’tibor qaratildi.
Sönggi yillarda hudud iqtisodiyotida sezilarli ösiş kuzatilmoqda. 2025 yil yakuniga köra yalpi hududiy mahsulot 85,4 trln sömga yetdi, bu 2016 yildagidan 6,9 barobar köp. Endi asosiy maqsad — bu ösişni yanada tezlaştiriş va uni har bir odam hayotida seziladigan natijaga aylantiriş.
Strategiyada faqat xomaşyo sotişdan köra, yuqori qöşilgan qiymatli mahsulotlar uluşini oşirişga urğu berilgan. 2030 yilgaça yalpi hududiy mahsulot 166,4 trln sömga, ya’ni deyarli 2 barobarga oşirilib, aholi jon boşiga daromad 27,0 mln sömdan 47,7 mln sömga (1,77 martaga) köpayadi. Sanoat hajmi 83,0 trln sömga yetkaziladi. Bu esa minglab oila uçun barqaror daromad va yangi iş örinlari degani.
Strategiyaning iqtisodiy asosi — viloyatning an’anaviy kuçli sohalarini zamonaviy, eksportbop tarmoqlarga aylantiriş. Töqimaçilikda «ip-kalavadan tayyor brendgaça» bölgan zanjir mustahkamlanadi, agrosanoat, hunarmandçilik — Çust piçoği, döppi va mahalliy brendlar, şuningdek gulçilik va xalqaro gullar festivali alohida ösiş drayveriga aylantiriladi. Kiçik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi uluşi 60 foizga yetkaziladi.
Hududning geografik joylaşuvi ham katta imkoniyat. Qirğiziston bilan çegaradoşlik va xalqaro yölaklar eksport salohiyatini oşirişga xizmat qiladi. Turizm sohasida xorijiy turistlar soni 1,5 mln nafardan 3,0 mln nafarga, turizm xizmatlari eksporti esa 239 mln dollardan 500 mln dollarga oşiriladi. Çortoq, Kosonsoy, Pop, Nanay va Axsikent yönalişlari yagona turistik marşrutlarga birlaştiriladi.
Strategiyaning eng ijtimoiy yönalişi — kambağallikni qisqartiriş. 227 ming nafar kambağal aholi mahallabay tahlil qilinib, mutlaq kambağallikka töliq barham beriladi hamda 2030 yilda viloyat «kambağallikdan holi hudud»ga aylantiriladi. Işsizlik darajasi 4 foizdan oşmaydi, yoşlar va IT sohasidagi bandlik kengaytiriladi.
Ta’lim va tibbiyotda ham aniq marralar belgilangan. Aholining örtaça umr köriş davomiyligi 72 yoşdan 78 yoşga oşiriladi, maktabgaça ta’lim qamrovi 80 foizga, oliy ta’lim qamrovi 50 foizga yetkaziladi. Tibbiyot muassasalarini raqamlaştiriş 100 foizga, oilaviy şifokor xizmati 9 foizdan 90 foizga kötarilib, onalar va gödaklar ölimi sezilarli kamaytiriladi. Profilaktik köriklar orqali kasalliklar erta aniqlanadi.
Namangan uçun eng hayotiy masalalardan biri — suv va ekologiya. Strategiyada bu yönalişga alohida e’tibor qaratilgan: suv işlatiş samaradorligi 25 foizga oşiriladi, 13,1 ming km kanal betonlanadi, qayta tiklanuvçi energiya quvvati 225 MVt ga yetkaziladi. Şahar va tuman markazlarida yaşillik darajasi 30 foizga, aholi jon boşiga yaşil maydon 3,0 m² dan 4,4 m² ga köpaytiriladi, çiqindilarni töplaş xizmatlari 90 foiz aholini qamrab oladi.
Aholi turmuş şaroiti bevosita yaxşilanadi: urbanizatsiya darajasi 60 foizga yetkazilib, har yili 9,5 ming xonadon quriladi, içimlik suvidan doimiy foydalaniş 90 foizga oşiriladi. Şahar va tumanlar jamoat transporti bilan töliq qamrab olinib, 350 ta avtobus va 250 ta elektrobus yölga çiqariladi, 4 389 km yöl quriladi va ta’mirlanadi.
Umuman aytganda, «Namangan — 2030» strategiyasi — yangi rivojlaniş bosqiçi, daromadli iş örinlari, sifatli ta’lim, soğlom muhit va farovon oilalar «yöl xaritasi»dir.
Uning ijrosi jamoatçilik nazoratida böladi. Har bir körsatkiç Strategik rejalaştiriş va rivojlanişning raqamli platformasi orqali kuzatib boriladi, 2028 yilda oraliq baholaş ötkaziladi. Eng muhimi, belgilangan maqsadlar kelgusida odamlarning hayotida namoyon böladi.








