Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Amerika Qoʻshma Shtatlarining “McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda “Sanoatni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasini tayyorlash doirasidagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30-oktyabrdagi PF-201-son Farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun davlat organlari tomonidan xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb etish jarayonini muvofiqlashtirib boradi.
Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sanoatni rivojlantirish masalalarida maslahatlashuvlar yuzasidan “McKinsey & Company” kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda sanoatni rivojlantirish strategiyasining konsepsiyasi va asosiy mazmuni muhokama qilindi. Xususan, unda nazarda tutish kerak boʻlgan quyidagi jihtlarga toʻxtalib oʻtildi:
1) strategiya loyihasini, avvalo, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari va amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqish, bunda inson kapitali sifatiga alohida eʼtibor qaratish;
2) sanoatning mintaqa va jahon miqyosida raqobatbardoshligiga muhim oʻrin berish, bunda tashqi bozorlardagi kutilmalar va xatarlarni inobatga olish;
3) Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni bilan birgalikda bozor munosabatlarining ichki davlat segmenti imkoniyatlari va istiqbollarini hisobga olish;
4) nafaqat muayyan tarmoq, balki respublika, viloyat, tuman va mahalla darajasidagi rivojlanishni aks ettirish;
5) Atrof-muhit, ijtimoiy soha va korporativ boshqaruv (ESG)ni ekologik va ijtimoiy taʼsirni oʻlchash uchun qoʻllaniladigan standartlar sifatida qoʻllash.
Mehmonlar sanoatni mahalliylashtirish har qanday davlat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, konsalting kompaniyasi bu borada Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida sanoatni rivojlantirish strategiyasida qamrab olinadigan ilgʻor yoʻnalishlarni hamda hududlarning ixtisoslashuvini muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib olindi.





